Nega aynan Uzinfocom ?
Dasturchi sifatida ish topa olmaganimdan so‘ng, moliyachi sifatida ish izladim. Asosiy mezonim esa oylik kam bo‘lsa ham IT kompaniyada ishlash edi. Bir oy ichida bir nechta kompaniyalar suhbatga taklif qilishdi. Ular orasida Alif, Novey, AKFA, Global Textil, Markaziy Bank, Uzinfocom, Moliya va Innovatsiya vazirliklari bor edi. Novey, AKFA va Global Textil kompaniyalaridan suhbatdan o‘tdim. Hammasi yaxshi bo‘ldi, oylik ham Artelda olganimdek kelishildi, lekin ular IT kompaniyalar emas edi. Vazirliklar va Markaziy Bankka ishga kirishda ko‘p vaqt kutib qolishim sababli ularni rad etdim. Ular orasidan Alif va Uzinfocom IT kompaniyalari qolib ketdi.
O‘sha paytda Uzinfocomning IT kompaniya ekanligini suhbatga borib bilganman. Qanaqa loyihalar bilan ishlashlarini esa umuman bilmasdim. Lekin Alif birinchilardan bo‘lib ishga taklif qildi. Lekin oyligi pasligi menga yoqmayotgan edi. Suhbat rus tilida o‘tdi va oddiy tarzda bo‘ldi. Menga yoqgan tarafi birinchi kundan noutbuk bilan ishga qabul qilinishim bo‘ldi, ya’ni byurokratiya deyarli yo‘q edi. Salbiy tomonlari esa tushlikni o‘zim bilan olib kelishim, oylikni esa 6 oydan keyin ko‘rib chiqishlari va ish joyimning direktorni yonida bo‘lishi edi. Moliyachilarning qiladigan ishlarini ko‘rdim. Excel fayllarini ishlashayotgani deyarli qiyin emasdi, oddiy edi. O‘sha paytda Filip degan bola moliyaviy menejerlar kattasi edi, uni rosa maqtashgandi, chunki ACCA sertifikati bor ekan. Lekin menga Alif xuddi Artelning bitta zavodidaka ko‘rindi. Katta zavodlari emas, balki kichik bir zavodlaridan biri edi. Uncha qiziqarli emasdek edi.
Alifga ishga kirganimning birinchi kuni, soat 10:00larda Novey kompaniyasidan telefon bo‘ldi. Gaplashganimda ular menga so‘ragan pulni berishga rozi bo‘lishganini aytishdi. O‘sha paytda Noveyda men bilan Artelda ishlagan bir nechta ishchilar bor edi, va ular ham meni kelishimni so‘rashdi. Birga ishlaymiz deb. Shu sababli, Alifda men uchun yoqmagan tomonlarning ko‘pligi tufayli Noveyga ketishga qaror qilgandim. Soat 14:00da men ularga taklifni qabul qilganimni yozib yubordim. So‘ng esa soat 16:00larda Uzinfocomdan telefon qilishdi. Men "bo‘ldi, ishga kirib boldim, uzr, taqdir ekan" deb javob yozib yubordim, lekin HR xodimi "O‘ylab ko‘r, kechki payt direktorimiz keladi, ishdan keyin kelsang ham bo‘ladi, senga yoqadigan taklif aytishi mumkin" deb qoldi.
Men shu payt Alifdan chiqib, Uzinfocomga suhbatga borishga qaror qildim. Alifda birinchi va oxirgi kunimda Filipga ming bor uzr deb, ishdan ketishim sababini aytib, Alifdan ketdim. Alifdagi sayohatim faqatgina bir kun bo‘ldi, lekin bir oy ishlagandek bo‘ldim. Soat 19:00larda deyarli Uzinfocomda edim. HR xodimlari juda iliq kutib olishdi. Ular bilan direktor kelguncha kompaniya va shaxsiy hayot haqida gaplashib o‘tirdik. Direktor deyarli soat 20:30larda kelgandi. Men o‘sha payt Uzinfocom hovlisida o‘rindiqda kutib o‘tirgandim. Direktor kelishi bilan iliq salomlashdik. U kostyum shim kiygani bilan hech qanday manmanlik yo‘qligini sezdim. Biz deyarli aka-ukaday gaplashdik. O‘sha payt suhbatda 4 kishi o‘tirgandik: direktor, uning yordamchisi, HR va men. Ular mendan qayerga ishga kirganimni, Alifga va necha pulga ishga kirganimni so‘rashdi. Men javob berdim. Nega o‘qiganimni, maqsadim nima ekanligini so‘rashdi. Men Java o‘qiganimni va ish topa olmaganimni aytdim. O‘sha paytda Uzinfocomda Java’da yozilgan loyiha yo‘q edi. Lekin direktor: "Agar Python o‘rgansang va o‘zingni yaxshi ko‘rsatsang, dasturlashga otqizaman," dedi. Ha, aytgancha, ular mendan marketing bo‘yicha ham loyihalarni qanday qilib PR qilish kerakligini so‘rashdi. Men qayerdan bilay, buni. Men ularning hayolida xuddi hech nima bilmaydigandek tasavvur qoldirgandim, chunki moliya sohasi bo‘yicha deyarli savol bo‘lmagan edi.
Shunday qilib, uyga qaytdim. Direktor suhbat oxirida "O‘ylab ko‘r, balki taqdiring shu bilan o‘zgarib ketar," dedi. Qaror qabul qil dedi. Men o‘sha kuni deyarli uxlamadim. Shuncha payt IT kursda o‘qib, nihoyat dasturchi bo‘lish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Men Novey, AKFA, Global Textilga rad javobini berib, Uzinfocomni tanladim. Uzinfocomdagi sayohatlar shu bilan boshlandi. Balki Uzinfocomda bo‘ladigan qiyinchiliklarimni oldindan bilganimda, boshqa kompaniyaga o‘tib ketar edim. Keyingi postda Uzinfocomda moliyaviy tahlilchi sifatida boshimdan o‘tgan voqealarni yozib o‘taman.
"Hayotda eng katta muvaffaqiyat, qiyinchiliklarni yengib o'tib, o'z maqsadingga erishishdir."