Loyiha tannarxini qanday hisoblasa bo‘ladi?
Biznes rejani vazirlikda himoya qilib bo‘lganimdan keyin deyarli ishlarim tugagan edi. Shu payt HR xodimlaridan qachon dasturchilar bo‘limiga o‘tishim mumkinligini so‘radim va shu orqali Python dasturlash tilini o‘rgana boshladim.
Biroz vaqt o‘tib, noyabr oyida rahbariyat Kamron aka va menga loyihalarning tannarxi ustida ishlashni topshirdi. Bungacha Kamron aka loyiha tannarxi bo‘yicha eski hisoblash metodologiyasini o‘rganib, yangi foiz stavkalarni taqdim qilgan edilar. Garchi bir bo‘limda ishlasak-da, biz alohida-alohida ish olib borar edik.Bu haqida oldingi postlarimda yozib o’tgandim.
To‘g‘risini aytsam, loyiha tannarxi qanday hisoblanishini men ham oldin bilmasdim. Artelda ishlaganimda, biz ham ish jarayonini tizimlashtirish kerakligi haqida topshiriq olgandik. Shundan so‘ng "Venkom" kompaniyasi bilan shartnoma tuzganmiz. O‘sha loyihada men mas’ul xodim edim va loyiha qiymati deyarli 250 mln so‘mni tashkil qilgan edi. Ularda faqat ishchi kuchi qiymatini ko‘rsatishgan bo‘lib, bir soatlik narx 350 ming so‘mga teng edi. O‘sha tajribadan tashqari loyiha tannarxi bo‘yicha bilganim ko‘p emas edi.
Endi esa Uzinfocomda loyiha tannarxi ustida ishlashim kerak edi. Avvalo buxgalteriya xodimlari, loyiha menejerlari bilan suhbatlashib, ularning ish jarayoni va loyiha hisob-kitobi haqida ma’lumot yig‘dim. Eski hisoblash metodologiyasi menga uncha yoqmadi va yangi usullarni o‘ylab topishga kirishdim. O‘zimcha: “Nega Uzinfocomda ham bir soatlik narx belgilab bo‘lmaydi?” deb bosh qotirdim. Loyihaning rejalashtirish bosqichi o‘ta noaniqlik ko’pligi sabab, bir soatlik qiymatni belgilashga eng maq’bul variant sifatida ko’rildi men uchun.
Bu usulda bir soatlik narxga barcha xarajatlar, xodimlar oyligi va boshqa omillarni qo‘shib, bir kishiga to‘g‘ri keladigan qiymatni aniqladim.Bundan tashqari yana bir metod ishlab chiqdim jami bizda loyiha tannarxi hisoblashning uchta yangi metodiga ega bo’ldik. Ularni solishtirma tahlil qilib, buxgalteriya xodimlariga taqdim qildim va tushuntirdim. Manimcha ular ham bu metodni ma’qul ko‘rishdi.
Bir hafta o‘tib, barcha loyiha xodimlariga yangi metodologiyani tushuntirishim kerakligini aytishdi. Tasavvur qiling: men faqat 2 oy ichida kompaniyaning 2023-yilgi biznes rejasi ustida ishlash bilan birga, 2002-yildan beri ishlab kelayotgan O‘zbekistondagi eng yirik IT kompaniyasida loyiha tannarxi hisoblashning yangi metodologiyasini taqdim qilyapgan edim.
Taqdimot kuni barcha ishtirok etdi: rahbar yordamchilari, loyiha menejerlari, biznes analitiklar va buxgalterlar. Taqdimot rus tilida bo‘lgani uchun hayajonim ikki barobar oshdi. Shunga qaramay, taqdimot muvaffaqiyatli o‘tdi va yangi metodologiyani barcha loyihalarda tadbiq etishga qaror qilindi.
Ammo men dasturchi bo‘lish niyatida edim. Dekabr oyida yana HR xodimlaridan dasturchilikka o‘tishim mumkinmi, aks holda ishni tark etishimni aytdim. Buxgalterlar ham:
“Biz bilan ishlashni davom ettiring,” – deyishdi, ammo men ularga rahbar bilan kelishuvim borligini tushuntirdim.
Yaxshi daromad va ish sharoitini tark etib, bir necha oy IT kurslarda o‘qiganim zoya ketmasim degan degan maqsadda dasturchi bo’lish bu yerdagi asosiy maqsadim deb bilar edim. Nihoyat, rahbar va’dasini bajardi: menga eng kuchli senior dasturchilardan birini biriktirib, dasturchilikka o‘tishimga ruxsat berdi. Faqat bitta shart qo‘yildi: loyiha tannarxini avtomatlashtirishim kerak edi.
Keyingi postimda loyiha yaratish jarayoni va duch kelgan muammolar haqida yozaman.