Katta Ishonch yoki Sinov!
Dasturlashga o‘tib oldim, "bo‘ldi, endi baxtliman," deb o‘yladim. Ammo bu baxt uzoqqa cho‘zilmadi. Shu kungacha asosiy orzuim faqat dasturchi bo‘lish edi, xolos. Shunday ham orzu bo‘ladimi? Hozir shu orzuni o‘ylasam, kulgim keladi.
O‘sha paytlar dasturchilar orasida o‘zimni qora o‘rdakka o‘xshatardim. O‘zimga savol bermagan ekanman: "Otabek, dasturchi bo‘lding ham deylik, keyin nima qilasan? Qaysi loyihalarda ishlaysan?" Afsuski, o‘ylab ko‘rmaganman.
Men faqat dasturlashni o‘rgansam, moliya sohasidagi ishlarimni avtomatlashtirib qo‘yarman degan o‘y-xayol bilan bu soha tomon qadam qo‘ydim. Endi esa o‘zimga qarasam, hech bir loyihani deploy qilmagan, hatto ishlayotgan oddiy bir sayt ham tuzmagan holda loyiha tannarxini avtomatlashtirishni o‘ylayapman. Bu uchun menda na prototip, na jamoa, na loyiha texnik vazifasi bor edi. Menda faqat g‘oya va maslahat berib turadigan bitta senior dasturchi ustozim bor edi, xolos.
Aytishadi-ku: "Orzusi yo‘qlar, orzusi borlar uchun ishlashadi."
Bu loyiha rahbarimning rejasi edi, meniki emas. Lekin ich-ichimdan his qilardim: agar bu tizim ishlasa, kompaniyaga juda katta foyda olib keladi.
O‘sha payt kompaniyada bir nechta katta loyihalar ustida ishlayotgan tajribali loyiha menejerlari bir nechta edi. Ularda har bir sohadan malakali mutaxassislarga ega 10 ta emas, hatto 50 ta odam bor edi. Loyiha menejerlari bunday loyihalarni yuritishda tajribali edi. Shunga qaramay, rahbar bu loyihani menga topshirdi. Bu menga bildirilgan ulkan ishonch edi, lekin ayni vaqtda men uchun katta sinov edi.
Men bu loyihani oxirigacha olib chiqishga qat’iy qaror qilgan edim. Chunki loyiha mening istaklarimga mos edi, lekin kuchimga mos emas. Irodamga mos edi, biroq mening izmimda emas edi, deyisharmidi "Graf Monte-Kristo"ning If qal’asida!