Investitsiya

Yaqinda bir voqeani o‘qib qoldim: yirik tekstil kompaniyasi bankdan kreditni vaqtida ololmay qolgan va natijada bankrotlikka yuz tutibdi. Sud jarayonida esa kompaniya bankni ayblab, deyarli 100 mlrd so‘m miqdorida g‘alaba qozondi.
Savol tug‘iladi: ayb kimda?
👉 Bank kreditni vaqtida bermaganidami?
👉 Yoki kompaniya rahbariyatida — moliyani faqat bitta manbaga bog‘lab, risklarni diversifikatsiya qilmagani uchunmi?
Men Artelda ishlagan davrimda ham shunga o‘xshash vaziyatlarga duch kelganman. Ish boshlaganimdan 1,5 yil o‘tib kompaniya investitsiyalariga mas’ul xodim sifatida deyarli 168 mln dollar mablag‘ni boshqarishga to‘g‘ri keldi ( albatta bu hozircha ). Eng yirik loyihalarimdan ikkitasi — TV zavodiga 15 mln $ va konditsioner zavodiga 27 mln $ kiritilgan investitsiyalar edi.
Shunda men bir muhim narsani sezdim: zavodlarga kerak böladigan investitsion summa hisoblanardi, lekin “bu investitsiya o‘zini oqlaydimi?” degan savol ko‘tarilmasdi.
Masalan, yillardan beri savdosi pasayib kelayotgan TV zavodiga 15 mln dollar kiritishdan oldin hech kim IRR yoki ROI tahlilini qilmagan edi.
Shu sababli men bu jarayonni tizimlashtirishga kirishdim — har bir zavod uchun yillar va oylar kesimida investitsiya samaradorligini tahlil qiladigan moliyaviy model ishlab chiqdim. Bu model orqali biz aniq javob bera olardik:
➡️ Bu loyihaga investitsiya qilish kerakmi yoki yo‘qmi?
Shu tajriba davomida yana bir narsani angladim: ayrim mahsulotlar mavsumiy talabga ega bo‘ladi. Pul kerakli vaqtda kiritilmasa, maksimal foyda qo‘ldan boy beriladi. Shu sababli bir korxonada ortiqcha mablag‘ bo‘lsa, uni vaqtida boshqa zavodga o‘tkazishimiz shart edi.
Afsuski, model umumiy tizimga to‘liq joriy etilmadi — chunki rahbariyatni ham bu yondashuvga o‘rgatish kerak edi. Bu esa vaqt va resurs talab qilardi. Yana bir muammo shundaki, ba’zi zavod rahbarlari va ularga mas’ul shaxslarning shaxsiy manfaatlari to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga to‘sqinlik qilar edi.
Moliyaviy boshqaruvning eng katta hikmati shunda:
🔑 Pulning o‘zi emas, balki uning vaqtida mavjudligi qiymat yaratadi.