11 yil avvalgi xatolik... va kechikkan tashakkurnoma
2014-yil fevral oyida Navoiy viloyatiga bir yillik harbiy xizmatga jo‘nab ketganman. Xizmatni boshlaganimga hali ko‘p bo‘lmagan edi — sentabr oyining 9-kuni soat 09:00 da, birgina katta xatolik (o’zim bilmagan holatda) tufayli qorovul naryadidan chetlashtirildim. Ertasi kuni butun harbiy qism oldida meni qilgan ishim noto‘g‘riligini aytishdi — boshqalar bu kabi xatoga yo‘l qo‘ymasligi uchun ogohlantirish sifatida barchaning qarshisida tanbeh berishdi.
Shu voqeadan so‘ng, armiyadagi hayotim tubdan o‘zgardi. O‘sha paytda menga kelayotgan fahriy yorliq — , yaxshi xizmat qilgan askarlarga beriladigan rag’batlantirish — zalyot qilganim sabab bekor qilindi. Har qanday og‘ir, yoqimsiz naryadlarga birinchi bo‘lib meni yozishardi. Kuniga atigi 3–4 soat uxlab, oylar davomida naryaddan naryadga yurardim.
Oradan uch oy o‘tib, dekabrda menga yana imkon berishdi — bu safar KPP naryadga qo‘yishdi. Kutilmaganda erta tongda harbiy qismimizga tekshiruvchilar keladigan avtobus tagiga soxta bomba — mulyaj qo‘yilgan ekan. Bu sinov edi. Uni o‘tkazib yuborsak, bizga nisbatan hech qanday ishonch qolmasdi. Ammo Xudoga shukr, mulyajni topdik. O‘sha kuni postda uchta Otabek bor edi — ulardan biri men edim.
Bu voqeadan keyin meni yana qorovulga qaytardilar. Komandir bilan bir necha marta suhbat bo‘ldi. Hatto ota-onamni Toshkentdan chaqirishdi. Ular bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi. O‘sha paytda komandir aytgan gap hanuzgacha qulog‘imda jaranglaydi:
“O‘zingni yo‘qotma. Hali sen bizga kerak bo‘lasan.”
Shu gap menga kuch berar edi balki. Har bir naryaddan chiqqach, yoki naryadda imkon topganimda, ligota olish uchun imtihonlarga tayyorlanardim. O‘sha davrda mendan ko‘ra ko‘proq oshxona, hojatxona yoki “denivalnik” naryadlarida turgan odam topilmasa kerak.
Uyda yaqinlarim bilan gaplashganimda ular doimo dalda berishardi:
“Agar ligota ololmasang ham xavotir olma.”
Lekin... men ligotani oldim.
Xizmatdoshlarimdan tortib, brigada komandirigacha hamma hayratda qoldi. O‘sha vaqt men uchun unutilmas g‘alaba bo‘lgan.
Keyinchalik o‘qishga hujjat topshirganimda, afsuski, bu ligota "soxta" deb tan olinmagan holatlar ham bo‘ldi. Lekin ishonchni yo‘qotmadim — tushuntirdim, isbotladim, oxiri qabul qilishdi. Va men imtixon topshirib Diplomatiya universitetiga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindim. Bu yerda to‘rt yil davomida guruh sardori bo‘ldim, ko‘plab do‘stlar, bilim va hayot saboqlari oldim. Bu haqida alohida post yozaman.
Xizmatdan keyin bizni "Yoshlar" kanalining “Vatanparvar” ko‘rsatuviga taklif qilishdi. Men, otam va oilamiz bilan dasturda qatnashdik.
Kecha esa... Mudofaa Vazirligidan kichkina bo’lsa ham xizmatlarim uchun tashakkurnoma oldim. Balki armiya payti menga berilishi kerak bo‘lgan tashakkurnoma endi yetib kelgandir, bilmadim. Ha, bu oddiy bir qog‘ozdur lekin men uchun bu — qog’ozdan ham muhumroq. Uni otamga sovg‘a qildim.
Armiyada har bir xizmatchining o‘z laqabi bo‘ladi. Menga esa “Snayper” deb laqab qo‘yishgandi — nishonga yaxshi urganim uchun emas, katta zalyot qilib qo‘yganim uchun 😅
🏅 Medal haqida esa alohida post yozaman.
Hayot shunday: ba'zida kechikkan e’tirof ham, vaqtida aytilmagan so‘zlar ham yurakda iz qoldiradi. Lekin bir narsani esdan chiqarmang — har doim har birimiz kerakli vaqtda, kerakli joyda bo‘lamiz.